https://doi.org/10.47980/MOTURIDIY/2025-2/2
Shodmonov Sirojiddin Navruz o‘g‘li,
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini
o‘rganish ICESCO kafedrasi
tayanch doktoranti
Tel.: +99 899 342 527
e-mail: sirojiddin5989@gmail.com
QIROATLARNI QAMRAB OLGAN TAFSIRLAR TAHLILI
Annotatsiya. Ushbu maqola qiroatlarni o‘z ichiga qamrab olgan tafsir asarlari tahliliga bag‘ishlangan. Shuningdek, unda tafsir ilmining ajralmas qismi hisoblangan qiroatlar, Qur’oni karimning o‘qilish uslublari, ularning ma’noga ta’siriga oid manbalar ham qiyosiy tadqiq qilingan. Xususan, Ibn Jarir Tabariy, Abul Qosim Mahmud ibn Umar Zamaxshariy, Ibn Atiya Faxriddin Roziy, Nosiriddin Bayzoviy va Imom Nasafiy kabi olimlar qalamiga mansub tafsir asarlarining o‘ziga xos xususiyatlari atroflicha o‘rganilgan.
Mufassirlarning o‘qilishida farq bo‘lgan oyatlarning tafsir qilishdagi uslublari Fotiha surasining 3-oyati misolida tahlil qilingan. Mazkur oyatni tafsir qilishdagi o‘ziga xos jihatlar bayon qilingan.
Maqola islomshunoslik, xususan, Qur’on tafsiri va qiroat ilmi bo‘yicha izlanish olib borayotgan talaba va tadqiqotchilar, mutaxassislar uchun qiroatlarga asoslangan tafsirlar hamda ularning mualliflari tomonidan qo‘llanilgan uslublar bilan yaqindan tanishish, soha bo‘yicha o‘z bilim va malakalarini oshirish imkoniyatini beradi.
Kalit so‘zlar: Qur’on, Fotiha surasi, tafsir, mufassir, qiroat, qiroat imomi, mutavotir, shozz, hanafiy, shofeiy, molikiy, hanbaliy, fiqhiy, aqidaviy.
ANALYSIS OF EXEGETICAL WORKS ENCOMPASSING QIRA’AT
Abstract. This study provides a comprehensive analysis of works of Tafsir (Qur’anic exegesis) that incorporate the discipline of Qira’at (variant readings of the Qur’an). As an integral part of Islamic scholarly tradition, Qira’at deals with the various methods of reciting the Qur’an and their profound impact on its meaning. The research examines the authoritative works of prominent scholars such as Ibn Jarir al-Tabari, Abu al-Qasim Mahmud ibn Umar al-Zamakhshari, Ibn Atiyyah, Fakhr al-Din al-Razi, Nasir al-Din al-Baydawi, and Imam al-Nasafi, highlighting the unique characteristics of their exegetical approaches. Furthermore, the study explores how these exegetes interpreted verses with variant readings, using the third verse of Surah al-Fatiha as a specific case study. It details the distinctive features observed in their interpretations of this particular verse. This research serves as a valuable resource for specialists, researchers, and students of Islamic sciences, particularly those engaged in Qur’anic exegesis and the science of Qira’at. It offers an in-depth understanding of Tafsir works based on Qira’at and the methodologies of their authors, thereby contributing new knowledge and insights into these fields.
Key words: Qur’an, Surah al-Fatiha, Tafsir, Mufassir, Qira’at, Imam of Qira’at, Mutawatir, Shadhdh, Hanafi, Shafi’i, Maliki, Hanbali, Fiqhi, and Aqidawi.
KIRISH
Qur’oni karimning lafz va ma’no jihatidan o‘ziga xosligi uning turli qiroatlarda nozil qilingani, oyatlarning ko‘p qirrali ma’nolarini anglatuvchi jihatlarni o‘z ichiga olgani bilan chambarchas bog‘liq. Mazkur jihatlar tafsir ilmining shakllanishi va rivojlanishida muhim o‘rin tutgan. Qiroat ilmida Qur’oni karimning Payg‘ambar (s.a.v.)dan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, sahih va mutavotir yo‘l bilan yetib kelgan turli qiroat (talaffuz) ko‘rinishlari o‘rganiladi. Qiroatlardagi xilma-xillik lafziy farqlardan iborat bo‘lib, ma’noning tubdan o‘zgarishiga olib kelmaydi, aksincha uni boyitishga xizmat qiladi.
Buni tafsir ilmi nuqtai nazaridan Qur’on oyatlari tafsiridagi turli yondashuvlar, ya’ni bir oyatdan kelib chiqadigan bir necha ma’no qatlamlarini ifodalash sifatida tushunish mumkin. Ular oyatlarning ma’nolarini tafsir, fiqh yoki lingvistik jihatdan ochib berishda o‘ziga xos ahamiyatga ega. Shu sababli, aksariyat mufassirlar tafsir asarlarini yozishda qiroat ilmiga alohida e’tibor qaratganlar. Ular qiroat turlarini mufassir Qur’onni tafsir qilish jarayonida bilishi lozim bo‘lgan narsa deb hisoblaydilar. Qur’on tafsirida qiroat turlaridan ma’noni mazmunan boyitish, mujmal jumlalarni oydinlashtirish, aqidaviy va fiqhiy hukmlarni bayon qilishda unumli foydalanish mumkin.
ASOSIY QISM
Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir Tabariy (838–922) qalamiga mansub “Tafsiri Tabariy” (Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir Tabariy, 1415/ 1994:15) nomi bilan mashhur bo‘lgan “Jomi’ al-bayon an ta’vil oyi al-Qur’on” asari qiroat vajhlariga oid ilmiy ma’lumotlarni o‘z ichiga mo‘tabar tafsirlardan biri hisoblanadi. Mazkur manbaning ilmiy-tanqidiy matnini nashga tayyorlagan tadqiqotchi doktor Bashshor Avvad muqaddima qismida muallifning qiroat turlaridan foydalangani haqida shunday yozadi: “U kitobida qorilarning qiroatdagi ixtiloflari haqidagi ma’lumotlarni, Basra va Kufa nahv maktablariga mansub tilshunoslar olimlarning qarama-qarshi fikrlarini jamlagan. O‘ziga tegishli yoki boshqalarning fikrini asoslash maqsadida so‘zlarning ma’nosiga dalil keltirish uchun islomdan oldingi hamda islomdan keyingi davrlarga oid ko‘plab she’rlardan namunalar keltirgan” (Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir Tabariy, 1415/ 1994:17).
“Jorulloh” – “Allohning qo‘shnisi” degan sharafli nomga sazovor bo‘lgan Abul Qosim Mahmud ibn Umar ibn Muhammad ibn Umar Xorazmiy Zamaxshariy (1074–1143) mashhur mufassirlardan biri hisoblanadi. U “al-Kashshof” nomli tafsir asari muallifi bo‘lib, bu asar ma’nolarni ochib berishdagi yuksak balog‘atga oid uslubi va jozibadorligi bilan shuhrat qozongan. Ushbu asarda ham qiroat ilmi Qur’onni tafsir qilishda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan muhim jihat sifatida e’tirof etilgan. Muallif asarda qiroatlardagi xilma-xillikni qisqacha bayon qilib, ayrim mufassirlar kabi rivoyat yoki ma’noga doir ma’lumotlarni batafsil bayon qilishga kirishmagan. Asarning yana bir o‘ziga xos xususiyati shuki, u boshqa tafsir kitoblarida kam uchramaydigan savol-javob uslubida yozilgan (Abul Qosim Mahmud ibn Umar ibn Muhammad ibn Umar Xorazmiy Zamaxshariy, 1430/2009:25-28). U so‘zni “Agar aytsangiz (so‘rasangiz)” iborasi bilan boshlab, “Men aytaman” degan ibora bilan yuqorida keltirilgan savolga javob bergan.
Qur’oni karim tafsirida qiroat vajhlariga alohida e’tibor qaratgan mufassirlardan yana biri Abu Muhammad Abdulhaq Ibn Atiya (1088–1146) bo‘lib, u “al-Muharrar al-vajiz fi tafsir al-kitob al-aziz” nomli asarini yozishda Abu ali Hasan ibn Ahmad Farisiy (vaf. 987 y.)ning “al-Hujjat fi al-qiroat as-sab’a”, Abu Fattoh Usmon ibn Jinniy (vaf. 1001 y.)ning “al-Muhtasab fi tabyin vujuh shavoz al-qiroat va-l-izoh anha”, Abu Amr Doniy (vaf. 1052 y.)ning “at-Taysir” va “Jomi’ al-bayon fi-l-qiroat” asarlaridan keng foydalangan (Abu Muhammad Abdulhaq Ibn Atiya Andalusiy, (Nashr etilgan sanasi ko‘rsatilmagan):5).
Ibn Atiya o‘z tafsirini yozishda qiroat vajhlariga qay darajada e’tibor qaratganini asar muqaddimasida keltirgan jumlalari orqali ham bilib olish mumkin. U maqbul va shozz qiroatlarni keltirib, ushbu qiroatlar o‘z ichiga olgan ma’nolarga sharh va izohlar bergan. Asarning muqaddima qismida bu haqda shunday yozadi: “Men barcha qiroatlar, ya’ni maqbul va shozz qiroatlarni zikr qilishni o‘z oldimga maqsad qilib, lafzlarning ma’nolarini va barcha ehtimoliy ko‘rinishlarini bayon qilishga alohida e’tibor qaratdim” (Abu Muhammad Abdulhaq Ibn Atiya Andalusiy, (Nashr etilgan sanasi ko‘rsatilmagan):5). Ibn Atiya tafsir kitobini yozishda Abu ali Hasan ibn Ahmad Farisiyning “al-Hujjat fi ilal al-qiroat as-sab’a”, Abul Fath Usmon ibn Jiniyning “al-Muhtasab fi tabyin vujuh shavoz al-qiroat va-l-izoh anha” (bu muallif o‘z tafsirida eng ko‘p murojaat qilgan asar hisoblanadi) va Abu Amr Doniyning “at-Taysir” hamda “Jomi’ al-bayon fi-l-qiroat” asarlar (Abu Muhammad Abdulhaq Ibn Atiya Andalusiy, (Nashr etilgan sanasi ko‘rsatilmagan):5)idan keng foydalangan. Shuningdek, tafsir, hadis, lug‘at (arab tili) va fiqh ilmlariga oid manbalardan, shuningdek, molikiy mazhabiga mansub bo‘lgani sababli, mazkur mazhab manbalariga ham murojaat qilgan.
Tafsir yozishda qiroat vajhlariga alohida e’tibor qaratgan olimlardan yana biri Muhammad ibn Umar Faxriddin Roziy (1149–1207) (fiqhda shofeiylik, aqidada ash’ariylik mazhabiga ergashgan) (Faxriddin Roziy, 1401/1971:5-6) hisoblanadi. U o‘zining “at-Tafsir al-kabir” va “Mafotih al-g‘ayb” nomlari bilan tanilgan “Tafsir al-Faxr ar-Roziy” asarida turli xil qiroatlarni zikr qilgan. Ba’zan oyatlarga har bir qiroatga ko‘ra ma’no berib, oyatlarga ushbu qiroatlardan kelib chiqqan holda harakat qo‘ygan. Ba’zi o‘rinlarda esa nahv olimlarining so‘zlaridan ham qiroatlarga dalil keltirib o‘tgan (Faxriddin Roziy, 1401/1971:8).
U boshqa mufassirlar kabi o‘zidan oldin yashab o‘tgan olimlarning tafsir kitoblariga murojaat qilgan. Zamaxshariyning “al-Kashshof”, Muhammad ibn Jarir Tabariyning “Tafsir at-Tabariy”, Qaffol Shoshiyning asarlari shular jumlasidandir (Faxriddin Roziy, 1401/1971:9, 242).
Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Abu Bakr Qurtubiy (vaf. 1272-y.) o‘z tafsirida qiroat vajhlarini ham qamrab olgan olimlardan biridir. U “al-Jomi’ li ahkom al-Qur’on va-l-mubayyin lima tazommanahu min as-sunnat va oyi al-Furqon” nomli tafsir yozgan. Asarning muqaddimasidagi “Allohning kitobi barcha islom ilmlari, sunnat va farzlarni o‘z ichiga olgan, osmonning ishonchli elchisi (Jabroil) yerning ishonchli elchisi (Muhammad s.a.v.)ga olib tushgan (kitob) ekan, men umrimning oxirigacha u bilan mashg‘ul bo‘lib, bor kuch-g‘ayratimni uni o‘rganishga sarflashga qaror qildim. Bu yuksak va sharafli ish tafsir, lug‘at, e’rob (grammatika) va qiroatlarning nozik jihatlari, shuningdek, adashgan kimsalar va bid’atchilarga qarshi raddiyalarni o‘z ichiga olgan mo‘jaz sharh yozishdir”, degan jumla u o‘z asarida qiroat vajhlarini ham qamrab olganini ko‘rsatadi” (Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Abu Bakr Qurtubiy, 1427/2006:7).
Qurtubiy ushbu kitobida tafsir ilmiga oid ma’lumotlarni so‘zlovchiga bog‘lagan holda, sanadlari va manbalari bilan keng qamrovda bayon qiladi. O‘zini bunga undagan sabab sifatida, aksariyat tafsir va fiqh kitoblarida zikr qilingan hadislarning mubham holatda ekani, hadis ilmida chuqur bilimga ega bo‘lgan mutaxassislargina ularni anglab yeta olishlari, bu borada bilim va tajribaga ega bo‘lmagan kishi ularning qaysi biri ishonchli, qaysi biri ishonchsiz ekanini ajrata olmasligini, buni bilish katta ilm sanalishi, toki ushbu hadislar mashhur va ishonchli olimlarga nisbat berib, taxrij qilinmas ekan, hujjat yoki dalil sifatida qabul qilinmasligi (Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Abu Bakr al Qurtubiy, 1427/2006:8) kabi omillarni sanab o‘tgan.
Nosiriddin Abul Xayr Abdulloh ibn Umar ibn Muhammad SHeroziy Bayzoviy Shofeiy (vaf. 1291-y.) qalamiga mansub “Anvor at-tanzil va asror at-ta’vil” nomli asar ham mo‘tabar tafsirlar sirasiga kiradi. Muallif mazkur asarni yozishda Zamaxshariyning “al-Kashshof” asariga suyangani uchun, u “al-Kashshof” tafsirining muxtasar – qisqartirilgan shakli (Nosiriddin Abul Xayr Abdulloh ibn Umar ibn Muhammad SHeroziy Bayzoviy Shofeiy, (Nashr etilgan yili ko‘rsatilmagan. Nashrga tayyorlagan Muhammad ibn Abdurrahmon unga yozgan muqaddimasida uning nashr qilingan sanasi sifatida 1998-yil fevral oyini qayd etgan):10) sifatida e’tirof etiladi. Shuningdek, muallif Faxriddin Roziyning “Mafotih al-g‘ayb” hamda Rog‘ib Isfahoniyning (vaf. 1108-y.) “Tahqiq al-bayon fi ta’vil al-Qur’on” asarlaridan foydalangan. “Anvor at-tanzil va asror at-ta’vil” asari qiroat turlari haqida ma’lumot berilgan tafsirlardan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, unda mutavotir qiroatlarning o‘zi bilan cheklanib qolmasdan, shozz qiroatlar haqida to‘xtalib o‘tgan (Nashr etilgan yili ko‘rsatilmagan. Nashrga tayyorlagan Muhammad ibn Abdurrahmon unga yozgan muqaddimasida uning nashr qilingan sanasi sifatida 1998-yil fevral oyini qayd etgan):5). Bundan tashqari, asarda navh va fiqh ilmlariga oid masalalar ham tor doirada bayon qilingan. Asarning yana bir muhim jihati muallif fiqhiy masalalarni bayon qilishda o‘z mazhabini himoya qilishga urinishidir. Buni Baqara surasining 228-oyatidagi “taloq qilingan ayolning iddasi” masalasida “قروء” lafzidan “hayz” yoki “poklik” nazarda tutilishi masalasida “Uning asl ma’nosi poklikdan hayzga o‘tish bo‘lib, oyatda aynan mana shu ma’no nazarda tutilgan. Chunki bu, hanafiylik mazhabida aytilganidek, hayzni emas, balki bachadonning bo‘sh ekanini bildiradi” (Nashr etilgan yili ko‘rsatilmagan. Nashrga tayyorlagan Muhammad ibn Abdurrahmon unga yozgan muqaddimasida uning nashr qilingan sanasi sifatida 1998-yil fevral oyini qayd etgan):11-12) deb ta’kidlaganida ham ko‘rish mumkin. Muallif muqaddimada qayd qilib o‘tgan “Men bu sohada (tafsir ilmi) buyuk sahobiylardan, tobeinlardan hamda ulardan keyingi salafi solihlardan yetib kelgan eng sara narsalarni o‘z ichiga olgan, o‘zim va mendan oldingi fidoiy olimlar va mohir muhaqqiqlar kashf etgan ajoyib jihatlar, nozik nuqtalarni qamrab olgan, mashhur sakkiz imomga nisbat berilgan mashhur qiroatlar va mo‘tabar qorilardan naql qilingan shozz qiroatlar bayoniga bag‘ishlangan kitob yozishni ko‘pdan beri niyat qilib yurar edim” (Nosiriddin Abul Xayr Abdulloh ibn Umar ibn Muhammad SHeroziy Bayzoviy Shofeiy, (Nashr etilgan yili ko‘rsatilmagan. Nashrga tayyorlagan Muhammad ibn Abdurrahmon unga yozgan muqaddimasida uning nashr qilingan sanasi sifatida 1998-yil fevral oyini qayd etgan):23) degan ibora uning qiroatlar masalasiga qay darajada ahamiyat qaratgani, qiroat turlari borasida qanday qarashga ega bo‘lganini ko‘rsatadi.
“Anvor at-tanzil va asror at-ta’vil” asarida muallif oyatlarga sharh va izoh berganidan so‘ng, isroiliyotlarni ham keltiradi. Biroq ularning zaif ekaniga ishora qilish uchun, “rivoyat qilinishicha”, “aytilishicha” kabi iboralardan foydalanadi (Nosiriddin Abul Xayr Abdulloh ibn Umar ibn Muhammad SHeroziy Bayzoviy Shofeiy, (Nashr etilgan yili ko‘rsatilmagan. Nashrga tayyorlagan Muhammad ibn Abdurrahmon unga yozgan muqaddimasida uning nashr qilingan sanasi sifatida 1998-yil fevral oyini qayd etgan):13).
Qur’oni karim oyatlarining ma’nolarini ochib beradigan ilmlar bilan birga, qiroat vajhlarini ham asos qilib olgan holda tafsir yozgan mufassirlardan biri Abul Barakot Nasafiy (vaf. 1310-y.) bo‘lib, u “Madorik at-tanzil va haqoiq at-ta’vil” asarida qiroatlarga oid ma’lumotlarni ham qamrab olgan. Bu haqda muallif mazkur asarning muqaddimasida shunday yozadi: “Mendan so‘rovi bajarilishi shart bo‘lgan kishi ta’villarda mo‘tadil, e’rob (grammatika) va qiroat ilmlariga oid jihatlarni, ahli sunna val jamoa qarashlarini o‘zida mujassam etgan, bid’atchi va adashganlarning g‘arazli g‘oyalaridan xoli bo‘lgan, zerikarli darajada uzun ham, kamchilikka yo‘l qo‘yadigan darajada qisqa ham bo‘lmagan bir kitob yozishni so‘radi” (Abul Barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Nasafiy, (Nashr ma’lumotlari ko‘rsatilmagan):3).
Mazkur manbaning Bayrut shahridagi “Dor al-kalim at-toyyiba” nashriyotida 1998-yil nashr qilingan nusxasida Muhyiddin Dib Mustav (Abu Adib) kirish so‘zida mazkur tafsirning o‘ziga xos xususiyatlarini bayon qilib, uning “al-Kashshof” va “Tafsiri Bayzoviy” tafsirlaridagi go‘zal jihatlarni o‘zida mujassam etgan, o‘ta keng yoki o‘ta tor ham bo‘lmagan, o‘rtacha hajmli, mavzudan chetga chiqmagan holda qiroat va e’rob jihatlariga, shuningdek, mazhablar asosidagi fiqhiy hukmlarga e’tibor qaratgan, o‘zi hanafiy mazhabiga mansub bo‘lgani sababli, boshqa mazhablarga nisbatan g‘uluv va mutaassiblikka berilmagan holda raddiya berish orqali o‘z mazhabini himoya qilib, isroiliyotlarga e’tibor qaratmasdan (Abul Barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Nasafiy, 1419-1998:6) ahli sunna val jamoa qarashlari bilan ziynatlangan, bid’atchi va adashganlarning noto‘g‘ri qarashlaridan xoli yozilgan tafsir ekanini” (Abul Barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Nasafiy, 1419-1998:8) bayon qilgan.
Mazkur tafsir nafaqat yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma qalamiga mansub ekani, balki oyatlarning ma’nosi izohlashda hanafiylik mazhabi dalillariga “وهذا دليل لنا” – “Bu bizning dalilimiz”, “وهو عندنا” – “Bu bizning nazdimizda” (Abul Barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Nasafiy. Madorik at-tanzil va haqoiq at-ta’vil. (Nashr ma’lumotlari ko‘rsatilmagan):1) kabi iboralar zikr qilingani bilan ham mahalliy tadqiqotchi va mutaxassislar uchun qimmatli manba hisoblanadi. Shu sababli, mazkur tafsir mamlakatimizdagi diniy ta’lim muassasalarida bugungi kunga qadar darslik sifatida o‘qitib kelinmoqda.
Abu Hayyon (vaf. 1344-y.) tomonidan yozilgan “Bahr al-muhit” nomli tafsir kitobida ham qiroat ilmi va qiroat turlariga oid ma’lumotlar uchraydi. Muallif asarning muqaddima qismida Qur’on oyatlarini tafsir qilish asnosida ko‘plab ilm sohalariga murojaat qilgani haqida yozgan. Ayniqsa, qiroat ilmiga alohida e’tibor qaratganini ta’kidlab: “Oyatlarni tafsir qilishga kirishaman… qiroatlarning shozz va musta’malini (qiroat imomlari tomonidan qabul qilingan sahih va mutavotir qiroatlar) jamlagan holda, arab tilidagi vajhlarini bayon qilaman hamda salaf va xalaf ulamolarning oyatning ma’nolarini tushunishdagi yondashuvlarini naql qilaman”, (Muhammad ibn Yusuf Abu Hayyon Andalusiy, 1413/1993:103) deb qayd qiladi.
Shu bilan birga, muallif asarda mufassir oyatlarni tafsir qilish jarayonida ehtiyoj sezadigan ilmlarni sanab o‘tib, mazkur ilmlarning yettinchisi qiroat ilmi ekaniga e’tiborni qaratib: “Lafzlarning ko‘plik yoki kamlik, harakat (unli) o‘zgarishi yoki bir lafz o‘rniga boshqasining qo‘llanilishi bilan farqlanishi mutavotir va ohod yo‘llar bilan bo‘ladi. Bu jihat Qur’on ilmidan olinadi. Olimlar bu borada ko‘plab kitoblar yozganlar. Yetti qiroat bo‘yicha eng yaxshi manbalardan biri Abu Ja’far ibn Bazish qalamiga mansub “al-Iqno’” asari bo‘lsa, o‘n qiroat bo‘yicha eng yaxshi manba Abul Karam Sharizuriyning “al-Misboh” kitobidir”, (Muhammad ibn Yusuf Abu Hayyon Andalusiy, 1413/1993:109) deydi.
Muallif tafsir ilmiga bergan ta’rifida ham qiroat ilmiga alohida e’tibor qaratgan. Jumladan, “tafsir” so‘zi Qur’on lafzlarining qanday talaffuz qilinishi, ularning ma’nolari, yakka va tarkibiy hukmlari, tarkib holatida ularga yuklanadigan ma’nolari va shu ma’nolarga oid qo‘shimcha tushunchalarni o‘rganadigan ilm”, (Muhammad ibn Yusuf Abu Hayyon Andalusiy, 1413/1993:121) deb aytadi. Shuningdek, mazkur ta’rifdagi “Qur’on lafzlarining qanday talaffuz qilinishi” iborasini “Qiroat ilmi” deb izohlaydi.
Qozi Mujiruddin ibn Muhammad Ulaymiy Maqdisiy Hanbaliy (1455–1520) tafsirda qiroat ilmiga murojaat qilgan mufassirlardan biri hisoblanadi. Uning “Fath ar-rahmoniy fi tafsir al-Qur’on” nomli asarida qiroatlar, qiroat imomlarining qiroatdagi xilma-xilligi, bu xilma-xillikdan kelib chiqadigan ma’nolar bayon qilingan. Shu bilan birga, unda mo‘tadillikni saqlagan holda to‘rt fiqhiy mazhab imomlarining qarashlari bayon qilingan (Qozi Mujiruddin ibn Muhammad Ulaymiy Maqdisiy Hanbaliy, 1432/2011:7).
“Fath ar-rahmoniy fi tafsir al-Qur’on” asari qiroat turlaridagi farqlar, ularning ma’nolarini zikr qilishda o‘n mutavotir qiroatdan foydalanilishi, ulardagi vaqf o‘rinlarini zikr qilish bilan cheklanilgani, fiqhiy masalalar bo‘yicha to‘rt mazhab imomlari tegishli eng muhim qarashlarning keltirilishi, aqidaviy masalalarning qisqacha bayon etilishi, hanbaliylik mazhabi yo‘nalishida yozilgan va bugungi kungacha yetib kelgan tafsirlardan biri (Qozi Mujiruddin ibn Muhammad Ulaymiy Maqdisiy Hanbaliy, 1432/2011:29-30, 38) ekani bilan alohida ajralib turadi.
Muallif bu asarni yozishda ko‘plab tafsir kitoblaridan foydalangan. Jumladan, Ibn Jarir Tabariyning “Jomi’ al-bayon an ta’vil oyi al-Qur’on”, Abul Qosim Hasan ibn Muhammad ibn Habib Naysoburiyning “at-Tanzil”, Bag‘aviyning “Maolim at-tanzil”, Zamaxshariyning “al-Kashshof”, Imom Nasafiyning “Madorik at-tanzil va haqoiq at-ta’vil”, Ibn Arabiyning “Ahkom al-Qur’on”, Imom Roziyning “Tafsir al-Faxr ar-Roziy”, Ibn Javziyning “Zod al-Masir”, Sa’labiyning “Tafsir as-Sa’labiy”, Qurtubiyning “al-Jomi’ li ahkom al-Qur’on va-l-mubayyin lima tazommanahu min as-sunnat va oyi al-Furqon”, Ibn Atiyaning “al-Muharrar al-vajiz fi tafsir al-kitob al-aziz”, Saolibiyning “Tafsir as-Saolibiy”, Abul Abbos Kavashiy Shofeiyning “Tafsir al-Kavashiy”, Muhammad ibn Yusuf Abu Hayyon Andalusiyning “Bahr al-Muhit” tafsirlarini keltirib o‘tish mumkin.
Shuningdek, u qiroat ilmiga oid masalalarda ham ko‘plab mo‘tabar manbalarga murojaat qilgan. Jumladan, Abul Fazl Roziy (vaf. 1062-y.)ning “al-Lavomih fi shavozz al-qiroat”, Ahmad ibn Abu Amr Androbiy (vaf. 1077-y.)ning “al-Izoh fi-l-ilm al-qiroat”, Imom Shotibiyning “ash-Shotibiya fi-l-qiroat”, ibn Jazariyning “an-Nashr fi-l-qiroat al-ashr”, Shamsiddin Muhammad ibn Xalil Qabaqibiy Halabiy Shofeiy (vaf. 1445-y.)ning “Izoh ar-rumuz va mafotih al-kunuz fi-l-qiroat al-arba’ata ashar”, Navaviyning “at-Tibyon fi odob hamalat al-Qur’on”, Abu Saodat Yofeiyning (vaf. 1349-y.) “ad-Dur an-nazim fi fazoil al-Qur’on al-karim” asarlaridan keng foydalangan (Qozi Mujiruddin ibn Muhammad Ulaymiy Maqdisiy Hanbaliy, 1432/2011:36).
Alloma Abul Fazl Alusiy (vaf. 1853-y.)ning “Ruh al-ma’oniy” asari ham qiroatlar asos qilib olingan tafsirlardan biri hisoblanadi. Ushbu asar qiroat ilmini o‘z ichiga qamrab olgani uning muqaddimasida Qur’onni tafsir qilish uchun zarur bo‘ladigan yetti ilmdan biri sifatida qiroat ilmi zikr qilinib, “Yettinchisi qiroat ilmidir. Chunki bu ilm orqali oyatlarni qanday qiroat qilish ma’lum bo‘ladi. Qiroatlar orqali ba’zi ehtimoliy jihatlar boshqalaridan ustun qo‘yiladi” (Alloma Abul Fazl Shihobuddin Sayyid Mamud Alusiy, 1415/1994:7) deb zikr qilingan jumladan ma’lum bo‘ladi. Mazkur asar 1994-yilda “Dor al-kutub al-ilmiya” nashriyotida ilk bor 15 jildda nashr qilingan (Alloma Abul Fazl Shihobuddin Sayyid Mamud Alusiy, 1415/1994).
Imom Zarkashiy “al-Burhon” asarida qiroat ilmining asosiy mavzusi Qur’on ekanini unda Qur’on lafzlari hamda ularning ado etilishi o‘rganilishi bilan izohlaydi (Imom Zarkashiy, 1410/1990:34). Alusiy o‘zining “Bahr al-muhit” asarida Zarkashiyning tafsir ilmiga bergan ta’rifini zikr qilib, qiroat ilmini Qur’onni tafsir qilishda foydalaniladigan sakkizta ko‘makchi ilmning biri sifatida qayd etadi.
Abul Fazl Alusiy qalamiga mansub “Ruh al-maoniy” asarining o‘ziga xos xususiyatlari uning kirish qismidayoq ko‘zga tashlanadi. Muallif muqaddimada qiroat ilmini Qur’onni tafsir qilishda zarur bo‘lgan yetti ilmdan biri sifatida zikr qilib, ularning ahamiyati turli ehtimoliy ma’nolar orasidan muayyan birini afzal deb bilishda namoyon bo‘lishini zikr qilish bilan cheklanib qolmasdan, tafsirni mutolaa qilishga kirishgan kishi oyatlarning ma’nolarini to‘g‘ri tushunishi uchun imkoniyat yaratish hamda unda hech qanday savolga o‘rin qoldirmaslikka harakat qiladi. Buni muallif 32 betdan iborat muqaddimada mufassir bilishi lozim bo‘lgan ilmlarni sanab o‘tgach, Qur’oni karimning nomlarini zikr qilish asnosida “Kalomulloh” nomi orqali tavhidga oid bahsli masalalarga oydinlik kiritishga urinishi, “yetti harf” masalasi (Alloma Abul Fazl Shihobuddin Sayyid Mamud Alusiy, 1415/1994:21-32)ga alohida to‘xtalib, bu boradagi dalillar hamda ulamolarning qarashlarini keltirish orqali qiroatlar bo‘yicha yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan savollarga javob berishga harakat qilishi ham ko‘rsatadi.
MUHOKAMA
Yuqorida qiroat ilmiga oid ma’lumotlarni o‘zida jamlagan mashhur va mo‘tabar tafsirlar hamda ularning mualliflari haqida bayon qilindi. Ushbu mualliflar Qur’onni tafsir qilishda qiroatlarga qay darajada ahamiyat qaratganlarini amaliy jihatdan ko‘rib chiqish orqali yuqorida nomlari keltirilgan asarlarning ilmiy qiymati ma’lum bo‘ladi. Shu sababli, quyida aynan qiroatida farq mavjud bo‘lgan, Qur’oni karimning birinchi surasi – Fotiha surasining uchinchi oyati misolida mufassirlarning tafsirdagi yondashuvlari tahlil qilinadi.
Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir Tabariy “Jomi’ al-bayon an ta’vil oyi al-Qur’on” asarida Qur’onni tafsir qilishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri oyatlarning ma’nolarini sharhlashga o‘tib, ba’zi mufassirlar kabi tafsilotlarga chuqur kirishmaganini Fotiha surasining 3-oyati misolida ko‘rish mumkin. U “malik” (ملك) so‘zining turli shaklda qiroat qilinishiga to‘xtalib, “molik” (مالك)ga qaraganda “malik” (ملك) shakli afzal ekani, “malik” shaklida mutlaq yagona hukmdorlik, egalik ma’nosi qamrab olinishi, oldingi oyatdagi “Rabb” (رب) so‘zi orqali egalik ma’nosi zikr qilingani (Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir Tabariy. Jomi’ al-bayon an ta’vil oyi al-Qur’on, 1415/1994:64-68) kabi mulohazalarni keltirish orqali “malik” shaklida o‘qilishi ma’no nuqtai nazaridan afzal ekanini ta’kidlaydi.
Zamaxshariy “al-Kashshof” asarida qiroatlar haqida to‘xtalib, “malik” (ملك) so‘zi turli shakllarda qiroat qilingani haqida ma’lumot bergach, ikki asosiy ko‘rinish: “molik” (مالك) va “malik” (ملك) shakllaridan ikkinchisi ma’no nuqtai nazaridan afzal ekanini ta’kidlagan (Abul Qosim Mahmud ibn Umar ibn Muhammad ibn Umar Xorazmiy Zamaxshariy, 1430/2009:25-28). Zamaxshariy buni shaxsiy fikri sifatida zikr qilmasa-da, ushbu qiroat Makka va Madina ahli qiroati (haramayn ahli qiroatlari deyilganda, odatda sahih qiroatlar nazarda tutilgani jihatidan quvvatli hisoblanadi) hisoblanishi G‘ofir surasidagi “Bugun mulk (podshohlik) kimnikidir?” (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, 2017:246) Nos surasidagi “Insonlar podshohi” kabi oyatlarni mazkur qiroatni qo‘llash uchun keltirishi (Abul Qosim Mahmud ibn Umar ibn Muhammad ibn Umar Xorazmiy Zamaxshariy, 1430/2009:28) kabilardan ma’lum bo‘ladi.
Abu Muhammad Abdulhaq ibn Atiya ushbu oyatni tafsir qilishda “malik” (ملك) shaklini afzal deb bilganini quyidagi jihatlar orqali bilib olish mumkin. Birinchidan, ushbu so‘z ulug‘vordir. Muallifning fikricha, “malik” so‘zi “molik” so‘zidan ko‘ra ko‘proq ulug‘vorlik va madh ma’nosiga ega hisoblanadi. Oyat Allohga madh va sano aytish uchun nozil bo‘lgani sababli, “malik” (podshoh) so‘zi bu maqsadda ko‘proq ma’no kasb etadi. Ikkinchidan, muallif “malik” va “molik” (podshohlik va egalik) so‘zlari bir xil ma’noga ega ekanini ta’kidlaydi. Shu bilan birga, “malik” so‘zi “O‘sha kunda boshqa hech kimning hukmronligi bo‘lmaydi”, degan ma’noni anglatadi. Bu esa Allohning yagona hukmron ekanini tasdiqlaydi.
Muallif “malik” shaklida qiroat qilishni afzal ko‘rganiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri dalil mavjud emas. U ikkala qiroat shakliga oid dalillarni xolis taqdim etib, ularning har birini atroflicha muhokama qiladi. Shunday bo‘lsa-da, muallif “molik” shaklida qiroat qilishga moyil bo‘lganini bilvosita ko‘rsatadigan bir nechta jihatlar mavjud. Birinchidan, muallif “malik” shaklidagi qiroatni asoslashda mavjud dalillarni kengroq va batafsil tahlil qilgan. Jumladan, Abu Bakrning “molik” (مالك) so‘zi ulug‘vor hamda madhga ko‘proq mos ekani haqidagi qarashini zikr qilish orqali buni ma’qullagandek taassurot qoldiradi. Ikkinchidan, u “molik” shaklidagi qiroatni himoya qilgan Ibn Sarrojning daliliga qarshi javob bergan. Ibn Sarrojning “molik” so‘zi takrorlashdir, degan fikrini “Qur’onda avval umumiy, so‘ngra xususiy ma’no kelish holatlari ko‘p uchraydi”, degan dalil bilan puchga chiqaradi. Bu esa muallifning “molik” shaklidagi qiroatni himoya qiluvchilarga nisbatan tanqidiy fikrda bo‘lganini ko‘rsatadi. Uchinchidan, matnning boshida muallif o‘z fikrini bildirib, “molik” so‘zi “malik”dan kuchliroq ekanini aytadi. Biroq matnning yakuniy qismida ikkala qiroat shakli ham go‘zal va to‘g‘ri ekanini, bir-birini to‘ldirishi hamda Allohning ulug‘vorligini yanada yorqinroq ochib berishga xizmat qilishini aytadi (Ibn Atiya Andalusiy, (Nashr qilingan yili ko‘rsatilmagan):40-43).
Ibn Atiya tafsir kitobida qiroatlarga alohida to‘xtalib, nafaqat qiroat imomlari, balki sahobiylardan kimlar Qur’oni karimni mazkur qiroatlarda o‘qigani, oyatning til nuqtai nazaridan tahlili, qiroatlarning xilma-xilligidan kelib chiqadigan tafsirdagi ma’nolar, mazkur ma’nolarni himoya va tanqid qilgan olimlarning fikrlarini ham keltiradi. Shuningdek, shaxsiy fikrini ochiq bayon qilmasligi, qaysi fikrni tanlagani kabilar ham olimning tafsir qilishdagi uslublari hisoblanadi.
Muhammad ibn Umar Faxriddin Roziyning “Tafsir al-Faxr ar-Roziy” asari o‘ziga xos xususiyatlarga ega tafsirlardan hisoblanadi. Bunday o‘ziga xosliklarni muallif oyatlarning nozil bo‘lish sabablarini bayon qilishida ham ko‘rish mumkin. Masalan, Fotiha surasining 3-oyatida “U qiyomat kunining podshohidir” (مالك يوم الدين) (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, 2017:7) jumlasining mazmuni haqida to‘xtalib, yaxshilik qilgan bilan yomonlik qilgan, itoatkor bilan osiy, muvofiq bo‘lgan bilan muxolif bo‘lgan o‘rtasida farq bo‘lishi zarur. Bu farq esa faqat Jazo kunida yuzaga chiqadi”, degan so‘zlarni aytgan. Shuningdek, “...U yomonlik qilganlarni amaliga yarasha jazolar va yaxshilik qilganlarni go‘zal (mukofot) ila mukofotlar…” (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, 2017:636) (Najm surasi 31-oyat). “Yo‘q, Biz imon keltirib solih amal qilganlarni yer yuzida buzg‘unchilik qiluvchilar kabi qilarmidik?! Yo‘q, Biz taqvodorlarni fojirlar kabi qilarmidik?!” (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, 2017:166) (Sod surasi 28-oyat), “Albatta, soat (Qiyomat) kelguvchidir. Har bir jon say-harakatiga yarasha jazo olishi uchun uni maxfiy tuturman” (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, 2017:559) (Toha surasi, 15-oyat) kabi oyatlarni zikr qilish orqali oyatlarning nozil qilishdan ko‘zlangan maqsadni aqliy va naqliy jihatdan bayon qilishi (Faxriddin Roziy, 1401/1971:240), qiroatlardagi xilma-xillikni zikr qilish asnosida kimlar rivoyat qilganiga emas, balki ma’nodagi o‘ziga xosliklarni batafsil yoritishga intilishi, ayni vaqtda mazkur xilma-xillikdan kelib chiqadigan fiqhiy (Faxriddin Roziy, 1401/1971:242) va aqidaviy (Faxriddin Roziy, 1401/1971:245) ma’nolarning ham tahlil qilishi ham bunga misol bo‘ladi.
Faxriddin Roziy mazkur oyatdagi ikki qiroatning xususiyatlari haqida to‘xtalib, “molik” shaklida o‘qilgan qiroatning o‘ziga xos jihatlari qatorida quyidagilarni sanab o‘tgan:
- unda bitta ortiqcha harf mavjud. Shu sababli bunday qiroat turida savob ko‘proq bo‘ladi;
- qiyomatda podshohlar ko‘p bo‘ladi. Lekin bu kunning haqiqiy “Molik”i faqat Alloh taolo bo‘ladi;
- “molik” (mulk egasi) ba’zan “malik” (podshoh) bo‘lishi mumkin, “malik” esa “molik” bo‘lmasligi mumkin. “Malik” va “molik” sifatlari bir-biridan ajralishi mumkin bo‘lsa-da, “molik” mutlaq tasarrufga sabab bo‘lib, “malik” sifatida bu xususiyat uchramaydi. Shu sababli, “molik” afzal hisoblanadi;
- “malik” o‘z raiyatining hukmdori bo‘ladi, “molik” esa qullarning xojasidir. Qulning holati raiyatning holatidan past bo‘ladi. Demak, “molik” sifatidagi hukmronlik “malik”dagidan ko‘ra kuchliroq bo‘ladi. Bu esa “molik” “malik”dan ustunroq ekanini ko‘rsatadi;
- raiyat o‘z ixtiyori bilan podshohning tobeligidan chiqib ketishi mumkin. Qul esa o‘z ixtiyori bilan xojasining tobeligidan chiqa olmaydi. Bu esa “molik”ning hukmronligi “malik”nikidan ko‘ra mukammalroq ekanini ko‘rsatadi;
- “malik” uchun raiyatning holatiga rioya qilish vojib hisoblanadi. Zotan, Payg‘ambar (s.a.v.): “Barchangiz raisdirsizlar, barchangiz o‘z raiyatingiz uchun mas’uldirsizlar”, deganlar. Raiyat podshoh uchun xizmat qilishi vojib emas, qul esa o‘z xojasi uchun xizmat qilib, uning ruxsatisiz hech qanday ishni amalga oshira olmaydi. Shunga binoan, qulning itoat qilishi raiyatning itoatidan ko‘ra to‘liqroq bo‘ladi. Mazkur jihatlar “molik”ning “malik”dan ko‘ra mukammalroq ekaniga dalolat qiladi.
“Malik” shaklida o‘qilgan qiroatning o‘ziga xos jihatlari haqida esa quyidagilarni zikr qilgan:
- shaharning har bir fuqarosi “molik” (ega) bo‘lishi mumkin. Biroq insonlar orasida eng ulug‘i va eng obro‘lisigina “malik” (podshoh) bo‘ladi. Demak, “malik” “molik”dan ko‘ra sharafliroq hisoblanadi;
- ulamolar “قل أعوذ برب الناس ملك” oyatida “malik” so‘zi muayyan (aniq) ekanligiga ijmo qilganlar. “Malik” “molik”dan oliy bo‘lmaganida, aniq keltirilmagan bo‘lar edi;
- “malik” afzal hisoblanadi, chunki u qisqaroqdir. To‘liq o‘qilganida esa to‘liq talaffuz qilinadi. Aksincha, “molik” uzunroq bo‘lgani sababli, uning to‘liq o‘qilishiga vaqt yetmasligi ehtimoli mavjud (Faxriddin Roziy, 1401/1971:241-142).
Qurtubiy oyatlarni tafsir qilishga kirishib, bu jarayonda dastlab tafsir qilinayotgan suraning fazilatlari, ismlari, makkiy yoki madaniy ekanligi, unga aloqador bo‘lgan hukmlar, oyat, hadis va ulamolarning fikrlari haqidagi ma’lumotlarni zikr qiladi (Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Abu Bakr Qurtubiy, 1427/2006:166-202).
Shundan so‘ngra bevosita oyatlarga sharh va izoh berishni boshlaydi. Biroq uning tafsir uslubini boshqa mufassirlardan ajratib turadigan o‘ziga xos xususiyatlar mavjud. Buni mutavotir qiroatlar imomlarining umumiy va yakdil qarashlari misolida ham ko‘rish mumkin. Jumladan, Fotiha surasining birinchi oyati boshidagi (al-hamdu” (الحمد) so‘ziga oid tafsilotlar bunga misol bo‘ladi. Suraning 3-oyatidagi “malik” (ملك) so‘zining tafsiriga kelganda, mazkur so‘zning shakllari, she’rlar, qiroat imomlarining rivoyatlarini naql qilib, ma’no nuqtai nazaridan qaysi qiroat ustunligini muhokama qiladi. “molik” (مالك) shaklida o‘qiladigan qiroatdagi ma’noga nisbatan “malik” (ملك) shaklida o‘qiladigan qiroatda hukmronlik va mulkka egalik ma’nolari ko‘proq mujassam bo‘lgani, har bir podshoh mulk egasi bo‘lishi, har bir mulk egasi esa podshoh bo‘la olmasligi, “molik” so‘zida bitta harfning ziyoda bo‘lishi savobning ko‘proq bo‘lishini anglatsa-da, “malik” so‘zidagi ma’nodagi ustunlik harflardagi ziyodalik sababli savobning ziyoda bo‘lishidan ustun turishini ta’kidlaydi (Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Abu Bakr Qurtubiy, 1427/2006:215-223). Keyin qiroatlar kesimidagi ma’nodagi farqli jihatlarni tahlil qilib, so‘ngra boshqa tafsirlarda deyarli uchramaydigan holat –sharhlanayotgan oyatga taalluqli e’tiqodiy masalalarni bayon qiladi.
Nosiriddin Bayzoviy “Anvor at-tanzil va asror at-ta’vil” asarida qiroat ilmiga oid masalalarga boshqa mufassirlarga nisbatan torroq doirada murojaat qilgan. Jumladan, Fotiha surasining 3-oyatidagi “malik” (ملك) so‘zini “molik” (مالك) shaklida “alif” bilan hamda “malik” (ملك) shaklida “alif”siz o‘qilishini zikr qilib, bu borada qiroat imomlarini keltirish bilan kifoyalanadi. Alusiy va Andalusiy kabi sahobiy hamda tobeinlardan kimlar uni qanday o‘qigani masalasiga chuqur kirishmaydi. Mazkur so‘z qiroatidagi xilma-xillikni bayon qilganda “malik” shaklida “alif”siz o‘qilishi tanlangan qiroat ekanini ta’kidlaydi. Buni, u, mazkur turdagi talaffuz “haramayn” ahlining qiroati ekanligi, “لمن الملك اليوم” “Podshohlik kimga tegishli” (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, 2017:7) oyatiga muvofiqligi hamda “ulug‘lash” ma’nosi borligi bilan izohlaydi (Nosiriddin Abul Xayr Abdulloh ibn Umar ibn Muhammad SHeroziy Bayzoviy Shofeiy, (Nashr qilingan yili ko‘rsatilmagan):28). Yuqorida zikr qilingan masalalar muallifning qiroatga oid tafsilotlarni ixcham holda bayon qilgani, qiroatlarning ma’nolarga ta’sirini bayon qilishda ma’lum sabablarni keltirish orqali shaxsiy fikrini ochiq aytgani, Fotiha surasining 3-oyatiga ma’no berishda “malik” shaklida “alif”siz qiroatni tanlagani va tafsilotlarga chuqur kirishmagani kabi o‘ziga xos yondashuvi ma’lum bo‘ladi.
Abul Barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Nasafiyning “Madorik at-tanzil va haqoiq at-ta’vil” asari hanafiy olimi tomonidan yozilgani, “bu bizning dalilimiz”, “bu bizning nazdimizda” kabi iboralarni keltirilgani kabi xususiyatlar muallifning tafsirga kirishgan zahoti “basmala”ning Fotiha surasiga tegishli yoki tegishli emasligi masalasiga oid bahsida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Mualllif Abu Hurayra (r.a.)ning hadisini dalil qilib keltirgan holda, “al-hamdu li-l-lahi robbi-l-alamin” (الحمد لله رب العالمين) deb boshlash “basmala”ning Fotiha surasiga tegishli emasligiga dalil bo‘ladi. Agar u Fotiha surasiga tegishli bo‘lmasa, demak boshqa suralarga ham tegishli ham emas. Bu borada ijmo mavjud. Hadis “Sihoh al-Masobih” to‘plamida zikr qilingan va ular keltirgan fikr bizga zarar bermaydi. Chunki bizning mazhabimizga ko‘ra, “basmala” suralarning orasini ajratish hamda ularni boshlashda Allohdan baraka berishini so‘rash uchun nozil qilingan alohida bir oyatdir, deb aytadi (Abul Barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Nasafiy, 1419-1998:25-26).
Muallif Fotiha surasining 3-oyatida qiroatlardagi o‘zgarishlarni quyidagicha bayon qilgan: “Osim va Ali “molik” (مالك) shaklida “alif” bilan, boshqalar esa “malik” (ملك) shaklida “alif”siz talaffuz qilgan bo‘lsalar, ba’zilar ikkinchi shakl, ya’ni “malik”ni afzal deb bilganlar. Buning sababi, u mustaqil ma’no anglatishi hamda G‘ofir surasining 16-oyatidagi “Bugun mulk (podshohlik) kimnikidir?” (لِمَنِ الْمُلْكُ الْيَوْم) (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, 2017:246) oyatiga mos kelishidir. Shuningdek, har bir “malik” (podshoh) bir vaqtning o‘zida “molik” (ega) bo‘lishi mumkin, lekin har bir “molik” podshoh bo‘la olmaydi. Podshohning amri mulk egasiga o‘tadi, biroq buning aksi bo‘lmaydi. Ba’zilarning aytishlaricha, “molik” so‘zida harflar ko‘proq bo‘lgani uchun uning savobi ko‘proq bo‘ladi (Abul Barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Nasafiy, 1419-1998:30).
Nasafiy muayyan qiroatni sahobiylar, tobeinlar va boshqa qiroat imomlaridan kimlar o‘qigani, qiroat vajhlaridagi o‘zgarishlardan kelib chiqadigan xilma-xillikka oid grammatik va ma’no tafsilotlariga chuqur kirishmasligi, o‘zi ustun deb bilgan qarashlar qisqacha keltirib o‘tishi bilan boshqa mufassirlardan ajralib turadi.
Shu bilan bir birga, Nasafiy ochiq shaklda mustaqil fikrini aytmasa-da, yuqorida keltirgan ma’lumotlardan “malik” shaklida ma’no kengligi, G‘ofir surasining 16-oyatiga muvofiqligi, podshohning amri uning qo‘l ostidagi mulk egalariga o‘tishi, biroq mulk egasining buyrug‘i podshohga o‘tmasligi kabi mulohazalar asosida uning nazarida ustun qarash qaysi ekanini taxmin qilish mumkin.
Muhammad ibn Yusuf Abu Hayyon Andalusiy Alusiy kabi mufassirlardan farqli ravishda shaxsiy fikrini ifodalashdan chetlanadi. Bu Fotiha surasining 3-oyatidagi “malik” (ملك) so‘zining ikki xil: “molik” (مالك) shaklida “alif” bilan va “malik” (ملك) shaklida “alif”siz o‘qilishini zikr qilganida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Muallifning qaysi fikrni ustun deb bilishi, “molik” so‘zi “malik” so‘ziga nisbatan kengroq ma’noda qo‘llanilishi, arablarda so‘zda harflarning ortishi bilan ma’no ulug‘lanishi, mazkur ikki lafzning “hukmdorlik” va “egalik” ma’nolari ichida “egalik” ma’nosi Allohning mutlaq mulk sohibi ekanini ifodalashi, oldingi oyatdagi “Rab” so‘zi orqali yaratuvchi va boshqaruvchi bo‘lgan zot nazarda turilganini zikr qilinganidan so‘ng “Molik” so‘zining kelishi oyatlar o‘rtasidagi mutanosiblikni ochib berishi, “molik” so‘zi “yavmud din” (يوم الدين) iborasiga izofa qilinishi natijasida, ma’rifa (aniq holat) kasb etishi (Muhammad ibn Yusuf Abu Hayyon Andalusiy, 1413/1993:132-138) kabi fikrlari orqali ustun fikr sifatida nimani ilgari surayotganini anglash mumkin.
Qozi Mujiruddin ibn Muhammad Ulaymiy esa oyatlarni tafsir qilishda ularning fiqhiy tomonlarini ham bayon qilib ketgan. Masalan, Fotiha surasi tafsirida surada nechta oyat, so‘z va harf borligini zikr qilgan. Qiroatlarida xilma-xillik mavjud bo‘lgan oyatlar borasida esa tafsilotlarga kirishmagan. Faqatgina o‘n mutavotir qiroat imomlari orasidagi farqli jihatlarni qisqacha bayon qilish orqali ma’nodagi o‘ziga xoslikni ochib bergan. Jumladan, Fotiha surasining 3-oyatidagi xilma-xillikni Osim, Kisoiy, Xalaf va YA’qublar “molik” (مالك) shaklida “alif” bilan o‘qiganini, mazkur qiroatga ko‘ra, “Alloh taolo boshqa kunlarga egalik qilgani kabi, Qiyomat kunini ham yuzaga keltirishga qodir zot”, degan ma’noni anglatishini, ushbu kunda insonlarning to‘planishi hamda boshqa hodisalarning buyukligi sababli, alohida xoslab zikr qilinganini ta’kidlagan. Qolgan qiroat imomlari esa “malik” (ملك) shaklida “alif”siz o‘qigan bo‘lib, bu qiroatga ko‘ra, “Alloh taolo Qiyomat kunida yagona hukmdor bo‘lib, Undan boshqa hech kim hukmronlikka ega bo‘lmaydi”, degan ma’noni anglatishini (Qozi Mujiruddin ibn Muhammad Ulaymiy Maqdisiy Hanbaliy, 1432/2011:43-44) aytadi. U boshqa tafsirlarda bo‘lgani kabi, tafsilotlarga kirishmaydi. Ma’noga ta’sir qilmasa-da, mutavotir qiroatlar imomlari tomonidan boshqa ko‘rinishlarda ham o‘qilgani hamda ularga tegishli qiroat va tajvidga doir ba’zi ma’lumotlarni qisqacha keltirib o‘tadi.
Abul Fazl Alusiy dastlab suraning 3-oyatidagi “malik” (ملك) so‘zi ikki xil: Kisoiy, Osim, Xalaf va YA’qub kabilar tomonidan “molik” (مالك) shaklida “alif” bilan o‘qilgani, qolgan qiroat imomlari tomonidan esa “malik” (ملك) shaklida “alif”siz o‘qilganini zikr qilgan. Shundan so‘ng mazkur qiroatlarni sahobiy va tobeinlardan kimlar o‘qigani, ma’nodagi farqlar kabi jihatlardan tahlil qilishga harakat qilib, ikki qiroatning ham mutavotir ekanini ta’kidlaydi.
Mazkur oyatga oid oltita mulohazani keltirgach, ikki qiroatdan birini ustun deb bilish ilmiy izlanish eshiklarini yopib qo‘yishi mumkinligini ta’kidlaydi. Shu o‘rinda mazkur oyatdagi qiroatlardan qaysi birini olish borasidagi shaxsiy fikrini ham bayon qiladi. Jumladan, “molik” (مالك) shaklida o‘qilishida qo‘shimcha harf talaffuz qilingani sababli ko‘proq ajrga ega bo‘lish imkoniyati, inson o‘z “molik”i – egasidan “malik”i – podshohidan so‘raydigan narsadan ko‘proq narsa so‘rashi mumkinligi, podshohga murojaat qiladigan odam olishi mumkin bo‘lgan narsalarning eng buyugi boshi omon qolishi ekani, “molik” shakli gunohkor kishi uchun ham eng munosib ekanini (Alloma Abul Fazl Shihobiddin Sayyid Mamud Alusiy, 1415/1994:86.) qayd qilib o‘tadi.
Alusiy Fotiha surasining 3-oyatida kuzatilganidek, ma’noda o‘zgarish bo‘lmagan o‘rinlarda qiroat turlaridan qaysi biri ustun ekani haqida batafsil to‘xtalmaydi. Buni Baqara surasining 3-4 va 6-oyatlarining tafsiri misolida ko‘rish mumkin (Alloma Abul Fazl Shihobiddin Sayyid Mamud Alusiy, 1415/1994:125-132).
NATIJA
Tafsir islom ilmlari orasida alohida o‘ringa ega. Mazkur soha mutaxassislari, ya’ni mufassirlar oyatlarning ma’nolarini izohlashda turli uslub va yondashuvlardan foydalanganlar. Imom Tabariyning “Jomi’ al-bayon” tafsiri tafsilotlarga boyligi, qiroatlardagi farqlar, Basra va Kufa nahv maktablarining qarashlari, islomdan oldingi va islom davri shoirlari ijodidan namunalarni dalil sifatida keltirishi bilan ajralib tursa, Fahriddin Roziyning “at-Tafsir al-kabir” asari keng qamrovli tahlillarga boyligi, oyatlarning nozil bo‘lish sabablari, qiroatlardagi farqlardan kelib chiqadigan turli fiqhiy va aqidaviy ma’nolar chuqur tahlil qilingani bilan o‘ziga xos.
Imom Qurtubiyning “al-Jomi’ li ahkom al-Qur’on” asari har bir sura va oyatning fazilatlari, ularga oid hukmlar, lug‘at va grammatik tahlillar keltirilishi bilan birga, hadis va fiqh manbalariga ham keng murojaat qilinishi bilan o‘zgacha ahamiyat kasb etsa, Abu Hayyonning “Bahr al-muhit” tafsiri grammatika va qiroat ilmlariga alohida e’tibor qaratilishi bilan ajralib turadi. U qiroatlarni sahih va shozz turlarga ajratib, ularning arab tili grammatikasidagi o‘rni va ahamiyatini tushuntirib beradi. Uning tafsirida qiroat ilmi Qur’onni to‘g‘ri tushunishning asosiy omillaridan biri ekani ochib berilgan. Alusiyning “Ruh al-ma’oniy” tafsiri ham qiroatlarga chuqur yondashilgani, qiroat ilmi Qur’on tafsiridagi eng zaruriy yetti ilmdan biri deb e’tirof etilishi bilan boshqa tafsir kitoblaridan ajralib turadi.
Zamaxshariyning uslubi esa balog‘at va fasohatga alohida urg‘u qaratilgani bilan mashhur hisoblanadi. U qiroatlardagi farqlarni qisqa va aniq bayon qilib, hadis va rivoyatlarga chuqur kirishmasdan, asosan savol-javob uslubidan foydalangan. Yana bir olim Ibn Atiya esa o‘z tafsirida qiroatlarga alohida e’tibor qaratgan. U nafaqat mashhur (maqbul), shu bilan birga, shozz (mardud) qiroatlar xususida ham so‘z yuritib, ularning ma’nolarini bayon qilgan. Uning uslubi rivoyatga ham, ma’noga ham asoslangan, biroq shaxsiy fikrlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki dalillarni tahlil qilish orqali ifodalagan. Nosiriddin Bayzoviyning “Anvor at-tanzil” asari ixchamligi bilan ajralib turadi. U asosan Zamaxshariyning “al-Kashshof” asariga asoslangan. U ham faqat mashhur (mutavotir) qiroatlar bilan cheklanib qolmasdan, shozz qiroatlarni ham keltiradi, biroq ularni qisqacha bayon qiladi. Abul Barakot Nasafiyning “Madorik at-tanzil” tafsiri mo‘tadil bo‘lgani, hanafiy mazhabini himoya qilgan holda, boshqa mazhablarga nisbatan mutaassiblik qilmagani, qiroatlarni o‘z ichiga olsa-da, tafsilotlarga kirmasdan, ularning asosiy ma’nolarini qisqacha bayon etishi bilan ajralib turadi.
XULOSA
Yuqorida keltirilgan ma’lumotlardan turli davr va maktablarga mansub mufassirlarning qiroat ilmiga yondashuvlari bir-biridan farqli ekani ma’lum bo‘ladi. Mufassirlarning tafsirga yondashuvi mazhab nuqtai nazardan ham farq qilishini ko‘rish mumkin. Masalan, Nasafiy hanafiylik mazhabi vakili bo‘lgani sababli, tafsirda hukmlarga tegishli o‘rinlarda “bizning nazdimizda” kabi iboralar bilan o‘z mazhabini himoya qilsa, Bayzoviy idda masalasida shofeiylik mazhabini himoya qiladi. Ibn Atiyaning tafsiri hanbaliy faqihlarining asarlariga murojaat qilgani bilan o‘ziga xos bo‘lsa, Mujiruddin Ulaymiyning asari shu kunga qadar saqlanib qolgan hanbaliylik mazhabidagi olimlarning tafsirlari sirasiga kirishi bilan ajralib turadi. Ba’zi tafsirlarda qiroat ilmiga juda keng o‘rin ajratilib, ular grammatik, fiqhiy va aqidaviy masalalar bilan bog‘lab talqin qilinsa, boshqa asarlarda bu masalalarning qisqacha bayoni cheklanilgan. Biroq ularning barchasida oyatlar Qur’onni to‘g‘ri tushunishda qiroat ilmining o‘rni va ahamiyatiga e’tiborga qaratilgan holda izohlangan.
MANBA VA ADABIYOTLAR RO‘YXATI